Hurmatli mehmonlar, aziz hamkasblar,
Sizlarni 2021-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqaro institutida samimiy kutib olishdan mamnunman.
Shu vaqtdan beri, institut mintaqaviy tadqiqotlarda muhim ro’l o‘ynab, qimmatli tahlillar taqdim etib, Markaziy Osiyoni yanada kuchliroq, bog‘langan va birlashtiruvchi mintaqaga aylantirishga qaratilgan siyosatlarni shakllantirmoqda.
Shuningdek, Navro‘z bayramini nishonlayotgan ushbu haftada Toshkentda o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Tadqiqot Markazlari forumida so‘zlash men uchun katta sharafdir. Ushbu noyob tadbir tarixiy Samarkand sammiti oldidan yetakchi Yevropa va Markaziy Osiyo mutaxassislarini birlashtirdi. Sammit esa atigi ikki haftadan so‘ng o‘tkaziladi.
Men yaqindan va uzoqdan kelib, ushbu dolzarb
va muhim muloqotda ishtirok etayotgan barcha davlat amaldorlari, siyosatchilar, tadbirkorlar, olimlar va tadqiqot markazlari vakillariga minnatdorchilik bildiraman.
Sizlarning ishtirokingiz hamkorlikni chuqurlashtirish
va o‘zaro tushunish hamda ishonch asosida kelajakni qurishga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin dalilidir.
- Markaziy Osiyo uchun yangi davr
Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘zgarishlarning burilish nuqtasida turibdi. Mintaqada ochiqlik, iqtisodiy modernizatsiya va mintaqaviy integratsiyaning yangi to‘lqini kuzatilmoqda. Uzoq vaqt davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatida qaralgan mamlakatlarimiz endi global barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga faol hissa qo‘shuvchi tomonlarga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari orasida siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar mintaqaviy birlikni mustahkamladi, iqtisodiy chidamlilikni oshirdi va o‘zaro aloqalarni rivojlantirdi.
Bizning mintaqamiz endi uzoq chegara sifatida emas, balki shakllanayotgan global tartibda savdo, xavfsizlik
va barqaror rivojlanish uchun muhim bog‘lovchi halqa sifatida qaralmoqda.
Yaqinlashib kelayotgan Samarkand sammiti esa Markaziy Osiyoning o‘ziga xos mintaqaviy identiteti
va xalqaro huquqiy shaxsiyatga ega alohida geosiyosiy sub’ekt sifatida tobora ortib borayotgan e’tirofini yana bir bor tasdiqlaydi.
- Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlik
Yevropa Ittifoqi uzoq yillardan buyon O‘zbekiston
va butun Markaziy Osiyo mintaqasining qadrli hamkori bo‘lib kelmoqda. Bizning munosabatlarimiz umumiy qadriyatlar, mintaqaviy barqarorlikka bo‘lgan mushtarak manfaat
va barqaror rivojlanish bo‘yicha umumiy qarashlarga asoslangan.
So‘nggi o‘n yillikda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish va modernizatsiyani rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynadi, savdo va investitsiyalar hajmi yildan-yilga ortib bormoqda.
Bu esa Yevropa Ittifoqining bizning iqtisodiy salohiyatimizga bo‘lgan ishonchi, shuningdek, mintaqa davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq va uzoq muddatli yondashuvini yaqqol namoyon etadi.
Biz siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, transport va o‘zaro bog‘liqlik, yashil o‘sish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, ta’lim va xalqaro aloqalar, shuningdek, xavfsizlik va barqaror boshqaruv kabi ustuvor sohalarda hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlarni ko‘rib turibmiz.
Global noaniqliklar davrida ushbu hamkorlik yo‘nalishlari iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga
va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
- Toshkent platformasi ekspertlar muloqoti uchun doimiy mexanizm sifatida
Bugungi forum – bu bir martalik tadbir emas. U Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida muloqot va siyosatni muvofiqlashtirish uchun doimiy platformaga aylanish salohiyatiga ega.
Dunyo tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy beqarorlik – mojarolar, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar hamda an’anaviy ittifoqlar tizimidagi yangi dinamikalar – sharoitida yashar ekan, oldindan choralar ko‘rib hamkorlik qilish qobiliyatimiz yanada muhim bo‘lib bormoqda.
Mazkur platforma fikr yetakchilari, siyosatchilar
va ekspertlar uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqish
va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo munosabatlarining yo‘nalishini belgilashda neytral va faol maydon vazifasini bajaradi.
- Kelajakka nazar: Amaliy harakatlarga chaqiriq
Ushbu muloqotni boshlar ekanmiz, barcha ishtirokchilarni ushbu forumdan konstruktiv va yechimga yo‘naltirilgan munozaralarda faol qatnashish uchun foydalanishga chaqiraman.
Bizning muloqotimiz Samarqand sammitida taqdim etiladigan aniq siyosiy takliflarni ishlab chiqishga xizmat qilishi lozim.
Birgalikda harakat qilgan holda, biz:
-Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqot markazlari o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashimiz;
-ko‘p qirrali mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha aniq maqsadli siyosiy tavsiyalar ishlab chiqishimiz;
-mintaqaviy muammolar va umumiy imkoniyatlarni chuqurroq anglashga hissa qo‘shishimiz mumkin.
- Xulosa
O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi Yevropa bilan mustahkam va uzoq muddatli hamkorlik ko‘priklarini barpo etishga harakat qiladi.
Bizning geografiyamiz, tariximiz va umumiy intilishlarimiz tobora o‘zaro bog‘liq bo‘layotgan dunyoda bizni tabiiy hamkorlarga aylantiradi.
Bugungi tadbir esa bizning konstruktiv muloqotga ochiqligimizni yana bir bor tasdiqlaydi.
Sizlarning qimmatli fikr va takliflaringiz Yevropa
Ittifoqi – Markaziy Osiyo munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, degan umiddaman.
Barchangizga samarali munozaralar, ochiq va samimiy fikr almashuvlarini tilayman — bu bizning Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo muloqotidagi umumiy ustuvor yo‘nalishlarimiz uchun muhimdir.
So‘zim yakunida O‘zbekistonda va dunyo bo‘ylab Navro‘z bayramini nishonlayotgan barchani samimiy muborakbod etaman!
E’tiboringiz uchun rahmat.