Voqealar
21.07.2025
|
213
"Markaziy Osiyo kritik minerallar bozoriga chiqmoqda", - MOXI direktori Vashingtondagi konferensiyada
MOXI direktori Javlon Vaxabov AQShdagi Kaspiy siyosati markazi tomonidan tashkil etilgan "Transkaspiy ovozlari: infratuzilma, foydali qazilmalar va diplomatiya" konferensiyasida ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, AQSh va Yevropadan diplomatlar, parlament a’zolari va ekspertlar qatnashdi. Tadbirda Kaspiy mintaqasi mamlakatlari hamda tashqi hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaning geosiyosiy ahamiyati oshib borayotgan sharoitda infratuzilma, savdo va foydali qazilmalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

MOXI direktori Javlon Vaxabov o‘z nutqida so‘nggi oylarda Kaspiy dengizi va Markaziy Osiyo mintaqasida diplomatik faollik ortib borayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, jahon miqyosida dekarbonizatsiya jarayonlari kuchaygan bir paytda, kritik minerallar global kun tartibida birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Shuningdek, Javlon Vaxabov jahon bozorida mineral resurslar bo‘yicha raqobat kuchli ekanini qayd etdi. Uning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo hozirda uran, litiy va nodir yer elementlari kabi muhim resurslarning yirik yetkazib beruvchisi sifatida strategik ahamiyatga ega.

Javlon Vaxabovning fikricha, yaqin besh yil ichida mineral resurslarga kirish uchun raqobat mintaqada sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Uning aytishicha, kritik minerallar eksportining o‘sishi Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotini o‘zgartirib, konchilik sohasida shaffoflik, korporativ javobgarlik va islohotlarga ehtiyojni oshirmoqda.

MOXI direktori yakunida “xom ashyo qazib olish – eksport qilish” modelidan qayta ishlovchi va innovatsion sohalarni rivojlantirishga o‘tish uchun infratuzilmaga sarmoya, kadrlar salohiyati va texnologik hamkorlik zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, shaffof qoidalar, ESG standartlari (ekologiya, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruv), ishonch va uzoq muddatli hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Ta’kidlanishicha, “Markaziy Osiyo+” platformasida kritik minerallar mavzusini kengaytirish kabi tashabbuslarni samarali muvofiqlashtirish orqali mintaqa nafaqat xomashyo manbai, balki yashil texnologiyalar va barqaror rivojlanishda ham muhim o‘rin tutishi mumkin.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom