Voqealar
24.02.2026
|
206
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi rahbariyati bilan uchrashdi
Joriy yilning 18-fevral kuni Boku shahriga tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi boshqaruv kengashi raisi Farid Shafiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mamlakatlarning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorligi, shuningdek, ikki davlat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Direktor Javlon Vaxabov 2024-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini va unga yangi sur’at bag‘ishlaganini ta’kidladi. Mazkur hujjat savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam siyosiy-huquqiy asos yaratgani, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga qo‘shimcha turtki bergani qayd etildi.

MOXI direktori Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvining ahamiyatini alohida ta’kidlab, Ozarbayjonning ushbu hamkorlik formatiga tarixiy qo‘shilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport yo‘laklarini rivojlantirish, shuningdek, gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

O‘z navbatida, Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi boshqaruv kengashi raisi Farid Shafiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni davlatlar o‘rtasida ochiq muloqotni shakllantirish, barqaror Markaziy Osiyoni barpo etish va mintaqaning xalqaro subyektligini mustahkamlashdagi rolini yuqori baholadi.

Tomonlar ikki davlat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini tasdiqladilar. Faol ekspertlar muloqoti ikki tomonlama hamkorlikni tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash sifatini oshirishga xizmat qilishi hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ekspert fikr almashish uchun qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, o‘zaro manfaatli dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalarini qo‘shma nashrlarda e’lon qilish belgilandi.

Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi o‘rtasida 2026-yilga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlar rejasi imzolandi, bu esa hamkorlik va sheriklikning yangi yo‘nalishlarini mustahkamladi.

Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ozarbayjonda tashqi siyosat va xalqaro jarayonlarni o‘rganishga ixtisoslashgan ommaviy huquqiy tashkilot hisoblanadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom