Tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasi tomonidan Madrid universiteti, “Casa Asia” (“Osiyo uyi”) madaniyat markazi va Ispaniya xavfsizlik siyosatini muhokama va tahlil qilish instituti (IDAPS) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Muloqotlar chogʻida ishtirokchilar Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasidagi hamkorlik holati va istiqbollarini, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi mintaqaviy oʻzaro aloqalar, shuningdek ekspert-tahliliy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Ispaniyalik ekspertlar Oʻzbekiston-Ispaniya oʻzaro hamkorligiga yuqori baho berib, qayta tiklanadigan energiya manbalari, transport va logistika, turizm hamda taʼlim sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun katta salohiyat mavjudligini taʼkidladilar.
Tomonlarning tahliliy markazlari o'rtasida muntazam muloqotni yo'lga qo'yish va ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishilgan takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan ekspertlik tadbirlarini o'tkazishga alohida e'tibor qaratildi.
Konferensiya ishtirokchilari logistika bogʻlanishlari, energetika, mintaqaviy xavfsizlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar boʻyicha muntazam oʻzaro hamkorlikni institutsionallashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
IDAPS – 2021-yilda tashkil etilgan Ispaniya tahliliy tashkiloti boʻlib, milliy va xalqaro xavfsizlik, mudofaa va geopolitika masalalariga ixtisoslashgan.
Casa Asia – 2001-yilda Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan Ispaniya jamoatchilik diplomatiyasi markazi boʻlib, madaniyat va taʼlim loyihalari orqali Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga ixtisoslashgan.

