Tadbirni ochar ekan, MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarida kuzatilayotgan ijobiy dinamikani, shuningdek, Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgan ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlik formatlarining ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

N. Mish, o‘z navbatida, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidlar ekan, ularning tarixiy, madaniy va sivilizasion mushtarakligiga e’tibor qaratdi hamda ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni yana-da rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosiy yo‘l Markaziy Osiyoda yana-da ishonchli va barqaror muhitning shakllanishiga xizmat qilgani, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar 2024-yilda Anqarada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Turkiya yetakchilarining uchrashuvi hamda 2025-yil oktyabr oyida Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammiti TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik sheriklik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilganini qayd etdilar.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvining yettinchi sammiti (2025-yil)hamda Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, mazkur jarayon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiyani va mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Uchrashuv davomida tomonlarning tahliliy tuzilmalari o‘rtasida professional hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Hamkorlikning amaliy shakllari sifatida ustuvor yo‘nalish va mavzularni birgalikda ishlab chiqish, ilmiy-ekspertlik tadbirlarini muvofiqlashtirish, mutaxassislarni o‘zaro tadqiqotlarga jalb etish, shuningdek, davlatlararo, iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha jamoaviy nashrlar tayyorlash taklif etildi.

Uchrashuv yakunida MOXI va SETA jamg‘armasi o‘rtasida ekspertlik va akademik hamkorlikni institusionallashtirish, shuningdek, uzoq muddatli sheriklik uchun barqaror asos yaratishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

2006-yilda tashkil etilgan SETA jamg‘armasi Turkiyaning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqot institutlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur tahliliy markaz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni chuqur o‘rganish maqsadida tadqiqotchilar, ekspertlar va amaliyotchilarni birlashtiruvchi intellektual platforma sifatida faoliyat yuritadi, shuningdek, o‘zining nufuzli “Insight Turkey” tahliliy jurnalini nashr etadi.