Voqealar
07.03.2025
|
220
Martti Ahtisaari Tinchlik Jamg‘armasi rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Xalqaro Markaziy Osiyo Instituti (MOХI) direktori Javlon Vahabov Finlyandiyaning Martti Ahtisaari Tinchlik Jamg‘armasi (CMI) katta ijrochi direktori Oskari Eronen bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va potensial hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O. Eronen jamg‘armaning asosiy maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, tashkilotning bosh maqsadi muloqot va diplomatiya orqali mojarolarni oldini olish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Finlyandiya tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy identifikatsiyani shakllantirish hamda Markaziy Osiyoning xalqaro subyektivligini e’tirof etish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni ekspertlar darajasida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston va Skandinaviya davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Martti Ahtisaari Tinchlik Jamg‘armasi (CMI) – 2000-yilda Nobel tinchlik mukofoti sovrindori va Finlyandiya sobiq Prezidenti Martti Ahtisaari tomonidan tashkil etilgan mustaqil notijorat tashkilotdir.

Jamg‘arma barqaror tinchlikni targ‘ib qilishga faol hissa qo‘shib, o‘tgan yillar davomida Yevrosiyo, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. U davlat va nodavlat tuzilmalar bilan hamkorlikda inklyuziv yondashuvlarni rivojlantirish va mediatorlik jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish ustida ish olib bormoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom