Suhbat davomida M. Esposti SOS jamg'armasi inson salomatligi va xavfsizligi sohasida xizmatlar ko'rsatishga ixtisoslashganini hamda tadqiqot o'tkazish va gumanitar tibbiy yordam ko'rsatish orqali odamlar hayotini himoya qilish va qutqarishni maqsad qilganini ta'kidladi.
"Hozirgi vaqtda bizning tashkilotimiz butun dunyo bo'ylab 1 mingdan ortiq xususiy tibbiy klinikalar va shifoxonalarga egalik qiladi, rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlarning etishmasligini bartaraf etishda yordam beradi.
Biz butun dunyo bo'ylab farmatsevtik preparatlar, vaktsinalar, jarrohlik uskunalari, birinchi yordam vositalari, tibbiy infratuzilma va tibbiy to'plamlarni yetkazib berish imkoniyatiga egamiz", – dedi M. Esposti.
Bundan tashqari, u o'zining C.U.R.E loyihasi davlat va nodavlat tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha direktori sifatida Orolbo'yi hududiga tibbiy buyumlar va jihozlar bilan gumanitar yordam ko’rsatish bilan bo’gliq bo’lgan tajribasini ham aytib o’tdi.
Mazkur loyiha doirasida Qoraqalpog'istonga 4 million dollardan ziyod bo’lgan sog'liqni saqlash buyumlari yetkazib berilganligi, shuningdek, tibbiy asbob-uskunalarga muhtoji bo'lgan 20 dan ortiq tibbiyot muassasalari qisman jihozlanganligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida M. Esposti Orolbo'yi hududida aholining ehtiyojlarini aniqlash va mintaqadagi aholining eng zaif qatlamlariga manzilli gumanitar yordam ko'rsatish maqsadida SOS xalqaro jamg'armasi va MOXI o’rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdorligini bildirdi.
Ma'lumot uchun: SOS xalqaro jamg'armasi - bu 2012-yilda tashkil etilgan xayriya tashkiloti bo'lib, u butun dunyo bo'ylab tibbiy mahsulotlar va xizmatlarning yetakchi yetkazib beruvchisi hisoblanadi. SOS butun dunyo bo'ylab hukumatlar, xalqaro parlamentlararo va nodavlat tashkilotlar bilan ishlaydi.