Voqealar
23.01.2025
|
268
MOXI Pokiston tahlil markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Joriy yilning 21-yanvar kuni Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti direktori Javlon Vahobov va Islomobod shahridagi Mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti Jauhar Salim tahliliy markazlar o‘rtasidagi akademik va ilmiy-tadqiqot hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazdilar.

Uchrashuvning so’z boshida, Javlon Vahobov Pokiston 1991-yilda O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikka asos solganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashdi va bugungi kunda davlatlararo muloqot 2021-yilda o‘rnatilgan strategik sheriklik darajasida davom etmoqda.

J.Vahobov Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Islomoboddagi mintaqaviy tadqiqotlar instituti kabi institutlar ikki davlat hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni rivojlantirishda hal qiluvchi o’rin egallashini ta’kidladi.



O‘z navbatida, Jauhar Salim Pokiston va O‘zbekistondagi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar jarayonlardan xabardorlikni chuqurlashtirish tadqiqot tashkilotlarining ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Pokiston tomoni ta’kidlaganidek, tahlil markazlari o‘rtasidagi doimiy aloqalar nafaqat ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi kerak.



Suhbat doirasida Mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti bir paytlar Pokistonning ko‘plab shoirlari yashab ijod qilgan, boy tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan Samarqand va Buxoro kabi O‘zbekiston shaharlarining ahamiyatini alohida ta’kidladi.



MOXI direktori O‘zbekistonning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo va Pokiston o‘rtasidagi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni, eng avvalo, qo‘shni Afg‘onistonda ta’minlashga qaratilgan tashabbuslariga ham e’tibor qaratdi. Keyingi yillarda faol ilgari surilayotgan muhim loyihalar qatorida O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l yo‘lagi, shuningdek, Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi ko‘rsatib o‘tildi.



Tadbir yakunida Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti va Islomobod shahridagi Mintaqaviy Tadqiqotlar Instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Tomonlar qo‘shma tashabbuslarni, jumladan, muntazam ravishda akademik konferensiyalar va davra suhbatlarini o‘tkazish hamda ikki tomonlama munosabatlarning, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom