Tadbirda so‘zga chiqqan Kaspiy Siyosiy Markazi raisi ikki ilmiy-tadqiqot muassasasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishining ahamiyatini ta’kidlab, bu tashabbus xavfsizlik, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohalarida ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish hamda tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
O‘z navbatida, MOXI direktori Kaspiy siyosiy markazi MOXI hamkorlik o‘rnatgan ilk amerikalik tahliliy markaz ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ushbu bitim ilmiy va ekspert almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ikki markaz o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, bitim yanada kengroq va tizimli hamkorlik uchun zamin yaratadi. U iqtisodiyot, siyosat, energetika va kengroq transkaspiy makonda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik kabi tadqiqot yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Kaspiy siyosiy markaz –Vashingtonda joylashgan mustaqil va notijorat tadqiqot markazi bo’lib, Kaspiy mintaqasidagi muhim masalalarga e’tibor qaratadi. Markaz mintaqadagi o‘zaro bog‘liq muammolarni chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi tadqiqotlar va munozaralar uchun yetakchi maydonga aylanishga intilmoqda.