Voqealar
29.07.2025
|
391
MOXI Bishkekda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” forumida ishtirok etdi
Bishkek shahrida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti hamda “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati hamkorligida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” tahliliy markazlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot institutlari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Forum mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq ekspertlik muloqotlari uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Muhokamalar doirasida energetik barqarorlikni ta’minlash, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani ilgari surish, iqlim barqarorligini ta’minlash hamda ilm-fan, ta’lim va texnologiyalar sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Forum dasturida energetika xavfsizligi va foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, ESG transformatsiyasi va iqlim kun tartibi, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt, transport bog‘liqligi va infratuzilmaviy barqarorlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tematik panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi.

Spikerlar qatorida “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori R.J. Kook, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari S. Nurlan, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi birinchi direktori o‘rinbosari M. Oraz, Koreya geologiya fanlari va foydali qazilmalar instituti bosh geofizigi Ch.S. Jung va boshqa yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) nomidan direktor o‘rinbosari Sherzod Fayziyev ma’ruza bilan ishtirok etdi. O‘z chiqishida u Markaziy Osiyodagi muhim foydali qazilmalar sohasida hamkorlik salohiyati yuqoriligini ta’kidladi. U mintaqada marganets, xrom, litiy, uran, nodir yer elementlari va yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun zarur bo‘lgan boshqa strategik resurslar katta zaxiraga ega ekanligini qayd etdi. Koreya Respublikasi, dunyodagi ilg‘or texnologik markazlardan biri sifatida, ushbu resurslarni chuqur qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, ekologik toza yechimlarni joriy etish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan barqaror sanoat bazasini shakllantirishda muhim rol o‘ynashi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Fayziyev janoblari mintaqadagi infratuzilmaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, texnologik almashinuvni faollashtirish hamda malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar transferiga xizmat qiluvchi qo‘shma ilmiy-ta’lim platformalarini yaratish zarurligiga alohida urg‘u berdi. U Koreya Respublikasining ekologik barqarorlik standartlari va zamonaviy raqamli yechimlarini mintaqa mamlakatlarining tegishli tarmoqlariga integratsiya qilish muhimligini ham qayd etdi.

Forum doirasida MOXI direktor o‘rinbosari Sherzod Fayziyev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktor o‘rinbosari Shamil Adilbek uulu o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida texnologik va ta’lim sohasidagi tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish, ekspertlik mexanizmlarini rivojlantirish hamda barqaror rivojlanish va inson kapitalini mustahkamlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Forum yakunida ishtirokchilar “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlikni institutsional asosda davom ettirish, qo‘shma loyihalarni kengaytirish va tahliliy markazlar o‘rtasida ustuvor vazifalar bo‘yicha muvofiqlashtirilgan, muvozanatli va samarali yondashuvlarni ishlab chiqish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirishga qiziqish bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom