Voqealar
04.06.2025
|
237
MOXI delegatsiyasi Astanada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” V Tahliliy Markazlar Forumida ishtirok etdi
2025-yil 3-iyun kuni Astanada Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlari rahbarlari sammiti arafasida “Markaziy Osiyo – Xitoy: mintaqaviy hamkorlikning yangi ufqlari” nomli V Tahliliy markazlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti (QSTI) va Xitoy Fanlar Akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqot instituti (IRVECA) tomonidan tashkil etildi.

Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning nufuzli tahliliy markazlari vakillari, jumladan Xitoy Fanlar Akademiyasi (KAON), Yevrosiyo tadqiqot instituti, Iqtisodiyot instituti, Shanxay siyosat va huquq universiteti, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Erlan Karin nutq so‘zlab, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotganini, ekspertlar darajasidagi muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik bu aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, yaqin kunlarda Astanada o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkinchi “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti mintaqalararo strategik sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘lishini qayd etdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. MOXI direktori Javlon Vahabov o‘z nutqida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati yangi bosqichga – institutsional hamkorlik darajasiga ko‘tarilayotganini ta’kidladi: Xian shahrida Sekretariat tashkil etilgan, savdo, qishloq xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot va favqulodda vaziyatlarga javob berish yo‘nalishlarida ishchi guruhlar shakllantirilgan.

U, shuningdek, Markaziy Osiyo bugun faqat ko‘prik emas, balki innovatsiya va o‘sishning mustaqil hududiga aylanib borayotganini alohida qayd etdi.

MOXI rahbari tomonidan keltirilgan asosiy raqamlar: so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 80 foizga oshib, 11 milliard dollarga yetgan. 2023-yilda Xitoy bilan savdo aylanmasi 94,8 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoy sarmoyalarining umumiy hajmi esa 15 milliard dollardan oshdi. Mintaqadagi YaIMning o‘rtacha yillik o‘sishi qariyb 6 foizni tashkil qilmoqda.

Tadbir davomida ishtirokchilar milliy rivojlanish strategiyalari masalasiga ham alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, Qozog‘iston tajribasi doirasida raqamli hukumat va ta’lim kapitali dasturi, Qirg‘izistonda transport yo‘laklari rivoji, Tojikiston vakillari tomonidan yashil iqtisodiyot va barqaror energetikani qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari tilga olindi. O‘zbekiston esa raqamli transformatsiya va inson kapitalini mustahkamlashga urg‘u berdi.

Forum doirasida raqamlashtirish, sun’iy intellekt va texnologik innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. MOXIning tarixiy-madaniy meros va gumanitar tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Doniyor Qurbonov bu yo‘nalishlarda mintaqa davlatlari bilan Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari ta’lim, gumanitar almashinuvlar, suv resurslari va ekologiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Suv-ekotizimlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Olmaotada mintaqaviy markaz tashkil etish, akademik va turistik almashinuvlarni rivojlantirish takliflari bildirildi.

Forum yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, ekspertlik hamkorligini chuqurlashtirish, shu jumladan raqamli, iqtisodiy, gumanitar va ekologik yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom