Voqealar
23.02.2026
|
116
MOXI direktori ADA Universitetida uchrashuv o‘tkazdi
Joriy yilning 18-fevral kuni Boku shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov ADA Universiteti prorektori Fariz Ismailzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjonning ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining jadal rivojlanishi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ekspertlik muloqotini kuchaytirish zaruriyatini keltirib chiqarishini ta’kidladi. Shuningdek akademik muloqotini faollashtirish mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda mintaqada yuz berayotgan jarayonlarni chuqurroq tahlil qilishda muhim o’rin tutushini qayd etdi.

O‘z navbatida, ADA Universiteti prorektori Fariz Ismailzoda mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan Mirzo Ulug‘bek nomidagi umumta’lim maktabi qurish kabi O‘zbekistonning Qorabog‘ni qayta tiklash jarayonidagi faol ishtirokini yuqori baholab, bunday tashabbuslar gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda hamkorlikni kengroq mintaqaviy doirada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon tahliliy markazlari o‘rtasidagi o’zaro aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar darajasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash bo’yicha o‘zaro fikr almashish va amaliy takliflarni ishlab chiqishga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida ikki muassasa o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashni nazarda tutuvchi MOXI va ADA Universiteti huzuridagi Taraqqiyot va diplomatiya instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

ADA Universiteti xalqaro munosabatlar, diplomatiya, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot sohalarida Ozarbayjonning yetakchi oliy o’quv yurti hisoblanadi. Muassasa 2006-yilda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya sifatida tashkil etilgan bo‘lib, keyinchalik universitet maqomini olgan. Hozirgi kunda ADA Universiteti ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish bilan bir qatorda, xalqaro ekspertlik muloqoti uchun nufuzli platforma sifatida faoliyat yuritmoqda.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom