Voqealar
27.08.2025
|
267
MOXI direktori Javlon Vaxabov Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan BRICS forumida nutq so‘zladi
Rio-de-Janeyro shahrida BRICS 2025 boshqaruv va madaniy almashinuv bo‘yicha seminari o‘tkazildi. Unda BRICS davlatlari va hamkor mamlakatlar — Xitoy, Braziliya, Rossiya, Hindiston, Janubiy Afrika, Misr va Indoneziyadan 120 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov forumda nutq so‘zladi.

O‘z chiqishida Javlon Vaxabov siyosiy bo‘linishlar, iqtisodiy to‘siqlar va mahalliy ziddiyatlar kuchayayotgan sharoitda BRICS suverenitetga hurmat va ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga asoslangan konstruktiv muloqot uchun oz sonli maydonlardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tashkilot tarkibining kengayishi “Katta BRICS”ning yangi davrini boshlab bermoqda va uning global maydondagi vakilligi hamda ta’sirini sezilarli darajada kuchaytirmoqda.

MOXI direktori O‘zbekistonning BRICS doirasidagi muhim yutuqlarini alohida qayd etdi: Yangi Taraqqiyot Banki Boshqaruvchilar Kengashi mamlakatning a’zolik arizasini dastlabki tarzda ma’qulladi, qiymati 5 milliard dollarlik ustuvor qo‘shma loyihalar portfeli esa amalga oshirishga tayyor. Shuningdek, O‘zbekistonning sun’iy intellekt bo‘yicha BRICS tashabbuslarida va YUNIDO tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Ilmiy-texnologik Markaz faoliyatida ishtirok etish rejalari ham ta’kidlab o‘tildi.

Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham alohida urg‘u berildi: 2024-yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 14 milliard dollarga yetdi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi esa 95 milliard dollarga yaqinlashdi. 2025-yilga borib faqat O‘zbekistonning o‘zi Xitoy bilan savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Rossiya bilan hamkorlik ikki tomonlama yo‘nalishda ham, MDH va YEOII kabi tuzilmalar orqali ham faollashib bormoqda — O‘zbekiston tashqi savdosining 35 foizidan ortig‘i ushbu ittifoqlardagi hamkorlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Javlon Vaxabovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi ikki baravarga oshib, 225 milliard dollardan oshdi, mintaqaviy ichki savdo esa 4,5 baravarga — 2,4 milliard dollardan 11 milliard dollargacha o‘sdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Qozog‘istonning kengaytirilgan BRICS+ formatiga qo‘shilishi iqtisodiy o‘sishning kuchli drayveriga va mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirishga aylanishi mumkin.

Forum yakunida ishtirokchilar muntazam ekspertlik muloqotini davom ettirish va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi yuzasidan kelishuvga erishdilar. Xususan, tahliliy materiallar almashinuvini kengaytirish, ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlar jadvalini muvofiqlashtirish hamda yosh mutaxassislarning amaliyot va ilmiy almashinuv dasturlariga jalb etilishini rag‘batlantirishga kelishib olindi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom