Suhbat jarayonida tomonlar O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligini mustahkamlash, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqot formati doirasidagi aloqalarni chuqurlashtirish va ekspertlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Javlon Vahabov institut faoliyati haqida so‘z yuritib, uning asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlarini ochib berdi, Markaziy Osiyodagi joriy jarayonlar hamda 2025-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatida 20 yillik hamkorlik davomida ilk bor o‘tkazilgan sammit ko‘p tomonlama hamkorlikning keyingi rivojiga yangi turtki berdi.
Professor Yoko Hiroshi Yaponiya tomonining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikning yuqori salohiyatini alohida qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlarning xalqaro jarayonlar va global kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha o‘xshash qarashlari barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Tomonlar tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlab, ekspertlar o‘rtasidagi muloqot sammit yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida tahliliy va akademik tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan qo‘shma tadbirlar tashkil etishni davom ettirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
1858-yilda tashkil etilgan Keio universiteti Yaponiyaning eng qadimgi xususiy oliy ta’lim muassasasi va mamlakatning yetakchi ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi. Universitet 30 dan ortiq ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazlarini o‘z ichiga olgan rivojlangan ilmiy infratuzilmaga ega.
Xalqaro tadqiqotlarni muvofiqlashtirishda Keio Global ilmiy-tadqiqot instituti (KGRI) muhim rol o‘ynaydi va u xalqaro xavfsizlik hamda global barqarorlik sohalarida loyihalarni amalga oshiradi.