Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Koreya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, “Markaziy Osiyo + Koreya” formati doirasidagi hamkorlik, shuningdek ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Javlon Vaxabov ta’kidlaganidek, joriy yilning 16–17-sentabr kunlari Seul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasining birinchi sammiti mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Mazkur sammit doirasida qator istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi. Jumladan, muhim mineral resurslar va energetika sohasida hamkorlik, raqamli transformatsiya, qishloq xo‘jaligidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidandir.
Elchi Von Do Yon O‘zbekiston–Koreya munosabatlarining jadal rivojlanishini yuqori baholab, siyosiy, iqtisodiy va texnologik sohalarda hamkorlik faollashayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u bo‘lajak Markaziy Osiyo va Koreya sammiti mintaqalararo sheriklikni yanada mustahkamlashda muhim platforma bo‘lishini qayd etdi.
Tomonlar ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlab, faol ekspertlar muloqoti O‘zbekiston–Koreya sherikligini, shuningdek “Markaziy Osiyo + Koreya” formatini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirib, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sheriklik yo‘nalishlarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdilar.
“Markaziy Osiyo + Koreya” hamkorlik formati 2007-yilda tashkil topgan bo‘lib, “C5+” turidagi birinchi platforma hisoblanadi. Ushbu hamkorlik doirasida bugungi kunga qadar tashqi ishlar vazirlari darajasida 17 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Sammitni o‘tkazish tashabbusi 2024-yilda Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol tomonidan uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrifi chog‘ida ilgari surilgan.