Voqealar
16.04.2026
|
263
MOXI direktori Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi sheriklikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, o‘zaro munosabatlarni yana-da mustahkamlashda har ikki mamlakat ekspertlari o‘rtasidagi muloqotning ahamiyati alohida qayd etildi.

Javlon Vaxabov O‘zbekiston–Turkiya sherikligining barqaror va izchil sur’atlarda rivojlanib borayotganligi faol siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik ko‘lamining kengayishi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikka asoslanganligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Ufuk Ulutash O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligini qayd etdi.

Shuningdek, elchi yaqinda Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida bir qator sanoat korxonalari va ishlab chiqarish majmualari faoliyati bilan tanishib,Turkiya biznes vakillarining mamlakat iqtisodiyotidagi ishtiroki ko‘lamini xolis baholash imkoniga ega bo‘lganligini ta’kidladi.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi 3 mlrd AQSh dollaridan oshib, qo‘shma korxonalar soni 2,2 mingtani, jami o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi esa salkam 10 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.

Turkiya elchixonasi rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mintaqaviy kun tartibida markaziy o‘rin tutishini hamda ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikning muhim va jadal rivojlanayotgan platformasi ekanligini alohida qayd etdi. Shu munosabat bilan diplomat kelgusi yilda O‘zbekistonning TDTga raisligidan katta natijalar kutilayotganligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar, jumladan ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom