Dastlab Xitoyning g‘arbiy yo‘nalishidagi asosiy transport-logistika tuguni – Urumchi xalqaro quruqlik porti bo‘ldi. Port 19 ta mamlakat va 26 ta shaharga, shu jumladan, “Xitoy–Markaziy Osiyo–Yevropa” yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishni ta'minlaydi. O‘rtacha yillik yuk aylanmasi hajmi qariyb 900 ming tonnani tashkil etadi.
Shinjon chegara o‘tkazish punktlari bilan hamkorlikda ushbu xab Xitoyning g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab harakatlanuvchi quruqlikdagi temir yo‘l yuklarining qariyb 60% ini qayta ishlaydi. Port vakillari Andijon viloyati bilan zamonaviy multimodal logistika majmuasini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Kelgusida bunday obyekt qurilayotgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘ylab yuk oqimlariga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, MOXI ekspertlari temir yo‘llar, tunnellar va boshqa yirik infratuzilma obyektlarini qurish uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan China Railway Construction Heavy Industry korxonasiga tashrif buyurdilar.
Kompaniya O‘zbekiston bozorida ishlash tajribasiga ega ekani qayd etildi. 2023-yilda Farg‘ona vodiysiga paxta terish texnikasi yetkazib berilgan va mahalliy dala sharoitlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ijobiy natijalarni hisobga olgan holda, korxona O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishni kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar temir yo‘l mashinasozligi, infratuzilma qurilishi va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganishga kelishib oldilar.