Muloqot chog‘ida Markaziy Osiyodagi hozirgi mintaqaviy jarayonlar, mintaqa ichidagi integratsion hamkorlik xususiyatlari hamda Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida sheriklikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Direktor Vaxabov so‘nggi yillarda mintaqadagi asosiy tendensiyalar – mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi, dialogni institutsional asosda yo‘lga qo‘yish va “Markaziy Osiyo+” formatlarining kengayishi haqida ma’lumot berdi. Yevropaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini inobatga olib, ikki mintaqa o‘rtasidagi ekspertlik hamkorligini rivojlantirish dolzarbligi ta’kidlandi.

Kristiina Silvan Yevropa Markaziy Osiyo Tadqiqotlari Jamiyatining (ESCAS) rolini alohida qayd etdi. Ushbu akademik platforma mintaqa mamlakatlarining tarixi, siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatini tadqiq qiluvchi mutaxassislarni birlashtirib, xalqaro ilmiy muloqotni rivojlantiradi, muntazam konferensiyalar tashkil etadi, ilmiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda Yevropa, AQSh, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi ekspertlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlaydi.
Uchrashuvda MOXI va FII o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish, mintaqalararo ilmiy dialogni qo‘llab-quvvatlashning barqaror mexanizmini yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Finlyandiya tomoni ushbu tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashish, Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar va tadqiqot markazlari bilan aloqalar o‘rnatishga yordam berish orqali sheriklik bazasini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida MOXI va Finlyandiya Xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish va stajirovka dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.