Voqealar
01.06.2025
|
260
MOXI ilk bor shved tadqiqot instituti bilan hamkorlik o‘rnatdi
Shvetsiyaga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov Stokgolmdagi Xavfsizlik va rivojlanish instituti (ISDP) direktori doktor Svante E. Kornell bilan Anglashuv memorandumini imzoladi.

Ushbu kelishuv ikki tahliliy markaz o‘rtasida tizimli hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi. Jumladan, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspert maslahatlashuvlari va forumlar tashkil etish, tahliliy materiallar nashr qilish, shuningdek, taʼlim va akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar davomida mintaqaviy xavfsizlik, strategik barqarorlik, Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi, muhim resurslar, energiya o‘tish jarayonlari, transport koridorlarini rivojlantirish hamda Yevroosiyoda institutsional muloqotni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar global va mintaqaviy chaqiriqlarga nisbatan muvozanatli yondashuvlarni ilgari surish va ekspert muloqoti uchun barqaror platformalar yaratish zarurligini taʼkidladilar.

Hujjatning imzolanishi Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa tahliliy hamjamiyatlari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, "Markaziy Osiyo plyus" formatida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o‘zaro intilishlarning mantiqiy davomidir.

Xavfsizlik va rivojlanish instituti (ISDP) — 2007 yilda tashkil etilgan yetakchi mustaqil tahliliy markaz bo‘lib, bosh qarorgohi Stokgolmda, vakolatxonasi esa Vashingtonda joylashgan. Institut Yevroosiyo va Sharqiy Osiyoda xavfsizlik, ziddiyatlar va strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo - Kavkaz instituti hamda AQSh Tashqi siyosat kengashi (AFPC) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Ipak yo‘li dasturida faol ishtirok etadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom