Uchrashuv davomida mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish hamda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining qisqarishi va transchegaraviy hamkorlik bilan bog‘liq chaqiriqlarga javob berish masalalari yuzasidan keng qamrovli muhokama o‘tkazildi.
Alohida e’tibor Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari sammitlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qarorlar kontekstida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan mintaqaviy siyosatni shakllantirish masalalariga qaratildi.
Ishtirokchilar innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish, suv resurslarini barqaror boshqarish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari assortimentini kengaytirish va kadrlar salohiyatini oshirishning muhim ahamiyatini ta’kidladilar. Shuningdek, mintaqa davlatlari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashinuvini faollashtirish va tashqi iqtisodiy hamda iqlimiy xavf-xatarlar sharoitida oziq-ovqat ta’minotining barqarorligini ta’minlash uchun davlatlararo hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida ekspertlar oziq-ovqat xavfsizligi vazifalarini faqat mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari, qo‘shma tashabbuslarni faollashtirish va agro-sanoat sektorining barqaror rivojlanishini ta’minlay oladigan samarali muvofiqlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish orqali hal etish mumkinligiga ishonch bildirdilar. Shu munosabat bilan ushbu sohada hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.