Voqealar
08.04.2026
|
374
MOXI ilmiy xodimlari Islom sivilizatsiyasi Markaziga tashrif buyurdilar
Xalqaro Markaziy Osiyo Instituti ilmiy xodimlari Toshkent shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi Markaziga tashrif buyurdilar.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad Markazning MOXI tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlarini to‘ldira oladigan ilmiy-ta’limiy platforma sifatidagi salohiyatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Mintaqaviy hamkorlik, sivilizatsiyalararo muloqot va Markaziy Osiyodagi zamonaviy jarayonlarga ixtisoslashgan Institut bunday loyihalarni istiqboldagi ilmiy izlanishlar uchun muhim resurs sifatida baholaydi.

Tashrif davomida institut xodimlari noyob qo‘lyozmalar, tangalar, tarixiy hujjatlar va artefaktlarni o‘z ichiga olgan ekspozitsiyalar bilan tanishdilar. Ular mintaqaning buyuk mutafakkirlari – Imom Al-Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Al-Xorazmiy va boshqalarning ilmiy merosini aks ettiradi. Ayniqsa, ularning ilmiy merosini zamonaviy talqinda yoritish e’tiborni tortdi: ekspozitsiyalar ularning asarlarining bugungi fanlarga – matematika va astronomiyadan tortib gumanitar yo‘nalishlar hamda raqamli texnologiyalargacha bo‘lgan ta’sirini namoyon etadi.

Markaz tarixiy material bilan ishlashning yangi formatini taklif etadi: raqamli texnologiyalar, interaktiv panellar va qiyosiy tarjimalardan foydalanish muzey makonini dinamik tadqiqot muhitiga aylantiradi. Raqamlashtirilgan manbalar bilan ishlash hamda matnlarning turli talqinlarini solishtirish tahliliy faoliyat va ekspert materiallarini tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Markazga tashrif MOXI tadqiqot kun tartibi uchun tarixiy-madaniy merosning ahamiyatini kompleks baholash imkonini berdi – u tadqiqot bazasini kengaytirish, fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish va mintaqaviy o‘zlikni anglashni shakllantirish manbai sifatida namoyon bo‘ladi.

Markazning tashkil etilishi O‘zbekistonning mintaqaning umumiy tarixiy merosini asrash va targ‘ib etishga qo‘shgan muhim hissasidir. Loyiha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan bo‘lib, Islom sivilizatsiyasining ma’naviy va ilmiy merosini o‘rganish hamda ommalashtirishga qaratilgan. Markazda minglab eksponatlar – noyob qo‘lyozmalar va qadimiy kitoblardan tortib arxeologik topilmalar va multimedia installyatsiyalarigacha, jumladan noyob Qur’on nusxalari va o‘rta asr olimlari asarlari namoyish etilgan. Yaqinda ochilganiga qaramay, u allaqachon poytaxtning muhim madaniy va ilmiy maskanlaridan biriga aylangan.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom