Stajirovka davrida MOXI xodimlari Xalqaro munosabatlar va multikulturalizm tahlili markazi tomonidan tashkil etilgan "C6: Yagona mintaqa, umumiy kelajak - strategik muloqotni mustahkamlash" xalqaro konferensiyasida ishtirok etdilar.
Tadbir davomida C6 formatidagi strategik muloqotni chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, transport va logistika, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalarida o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida ekspertlik hamkorligini kuchaytirish va kooperatsiyani kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Anjumanda ishtirok etishdan tashqari, MOXI ilmiy xodimlari Ozarbayjonning bir qator yetakchi universitetlari, jumladan, Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va ADA universiteti faoliyati bilan tanishdilar. Ushbu tashriflar doirasida akademik mobillikni rivojlantirish, xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish va yoshlarni tadqiqot tashabbuslariga jalb qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, MOXI xodimlari O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan "O‘zbekiston - Ozarbayjon: ittifoqchilik hamkorligi arxitekturasi" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining holati, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari, transport va energetika yo‘laklarini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim, fan, madaniyat va raqamli transformatsiya sohalaridagi hamkorlik salohiyati muhokama qilindi.
Shuningdek, Ozarbayjon parlamenti a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputatlari, jumladan, tegishli qo‘mitalar raislari, "Ozarbayjon - O‘zbekiston" parlamentlararo do‘stlik guruhi a’zolari, shuningdek, ekspertlar hamjamiyati, jamoat tashkilotlari vakillari, fan va madaniyat arboblari ishtirok etdi. Ishtirokchilar bugungi kunda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar. Siyosiy va ekspertlar muloqoti sezilarli darajada faollashdi, parlamentlararo o‘lchov o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bokuda bo‘lish chog‘ida MOXI xodimlari O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Diplomatik missiyaning axborot-tahliliy faoliyati, jumladan, ikki tomonlama O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari dinamikasini kuzatish, tahliliy materiallar tayyorlash va tashqi siyosiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliyot natijalari ikki mamlakat ekspert va ta’lim hamjamiyatlari o‘rtasida professional aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni aniqlashga yordam berdi.

