Voqealar
06.11.2026
|
280
MOXI Moskvadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Moskva shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori o‘rinbosari Sherzod Fayziyev Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti (RFA XZOI) hamda Rossiya TIV Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) hamkorligida tashkil etilgan “Katta Yevroosiyo: institutlar, taraqqiyot va hamkorlik” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.

Anjumanda davlat idoralari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Xitoy, Hindiston, Iordaniya hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ekspertlari qatnashdi.

Muhokamalarda Yevroosiyodagi hamkorlik institutlari, jumladan, OHIChK, MDH va SHHT hamda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy formatlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, iqtisodiy va energetik aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, tarixiy xotirani asrab-avaylash va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyadagi ma’ruzasida Sherzod Fayziyev “Yangi Markaziy Osiyo”ning umumiy maqsad, vazifa va ustuvor yo‘nalishlarga ega yaxlit mintaqa sifatida shakllanishi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Avazada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi yakunlarini taqdim etdi.

Ma’ruzada Maslahat uchrashuvi formatini institutsionallashtirish, mintaqaning transport-iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish hamda “Markaziy Osiyo +” formatlari doirasida ko‘p vektorli siyosat yuritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyo Yevroosiyodagi o‘zaro bog‘liqlik tizimini shakllantirish va mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi, yirik geosiyosiy va iqtisodiy markazlarni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishi ta’kidlandi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi butun Yevroosiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotga xizmat qilishi qayd etildi.

RFA Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti — Osiyo mamlakatlarining siyosati, iqtisodiyoti, jamiyati, tarixi va madaniyati, shuningdek, Rossiyaning Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini kompleks o‘rganuvchi yetakchi Rossiya ilmiy-tahliliy markazidir. Rossiya TIV MGIMO universiteti — xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, huquq, siyosatshunoslik va jurnalistika yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri. Universitet 1944-yil 14-oktabrda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan.

MOXI 2021-yilda MGIMO universiteti, 2025-yilda esa RFA Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolagan.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA AI
IICA Virtual Assistant
Onlayn