Tashrif doirasida MOXI vakillari Prezident huzuridagi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy strategik tashabbuslar instituti hamda Koreya – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi kotibiyati hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 2-an’anaviy tahlil markazlari forumida ishtirok etdi. Mazkur tadbir mintaqaviy hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tahliliy yondashuvlar almashinuvi va “Markaziy Osiyo+” formati doirasida yangi ekspertlik aloqalarini o‘rnatish imkonini berdi.
Stajirovka davomida MOXI delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘izistondagi Elchixonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Elchixona tomonidan amalga oshirilayotgan axborot-tahlil ishlari, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar monitoringi, tahliliy materiallar tayyorlash va tashqi siyosiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat alohida e’tirof etildi.
Dastur doirasidagi muhim uchrashuvlardan biri BMTning Qirg‘izistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Antonio Grasso bilan bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) ilgari surish, tahlil markazlarining uzoq muddatli rivojlanish kun tartibiga qo‘shayotgan hissasi hamda BMT tizimidagi institutlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, tashrif doirasida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Milliy strategik tashabbuslar instituti vakillari bilan tajriba almashildi. Uchrashuvlarda mintaqaviy jarayonlarni tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ekspertlar o‘rtasida muvofiqlashtirish va ilmiy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu tashrif davomida Markaziy Osiyodagi ilmiy-tahliliy tuzilmalar o‘rtasida barqaror va tizimli muloqotni shakllantirish istiqbollari alohida e’tiborda bo‘ldi. Ilmiy kun tartiblarini muvofiqlashtirish, doimiy fikr almashinuvi va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarning ahamiyati ta’kidlandi.
Stajirovka yakunlari MOXI va Qirg‘iziston tahliliy hamjamiyatlari o‘rtasida professional aloqalarni mustahkamlashga va uzoq muddatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.