Voqealar
26.06.2025
|
259
MOXI Primakov o‘qishlarida Markaziy Osiyo mintaqaviy kun tartibini taqdim etdi
2025-yil 23–25-iyun kunlari Moskvada jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan XI Xalqaro forum — “Primakov o‘qishlari” bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar safida turli mamlakatlar hukumat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy va tahliliy markazlar vakillari bo‘ldi. Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) ushbu forumda ishtirok etib, global arxitektura transformatsiyasi sharoitida Markaziy Osiyoning mintaqaviy qarashlarini taqdim etdi.

MOXI direktori Javlon Vahabov “Katta Yevroosiyo — mas’uliyatli taraqqiyot makoni” mavzusidagi sessiyada so‘zga chiqib, zamonaviy bosqichda Markaziy Osiyoning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini batafsil yoritdi. U so‘nggi yillarda mintaqada ishonch muhitining mustahkamlanishi, o‘zaro hamkorlik va siyosiy-iqtisodiy yaqinlashuvning sezilarli darajada kuchayganini alohida qayd etdi.

Ekspertning ta’kidlashicha, bunday ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik, qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan tashqi siyosati tufayli amalga oshmoqda.

Taqdimotda mintaqaviy yaqinlashuv borasidagi erishilgan natijalarga ham alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi besh yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobardan ortdi, transport, suv resurslari, xavfsizlik va gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy maslahatlashuv mexanizmlari kengaytirildi.

Davlat rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi, qo‘shma iqtisodiy va ekspert maydonchalari tashkil etildi, xalqaro tashkilotlardagi muvofiqlashtirish kuchaydi.

Shu bilan birga, Javlon Vahabov bugun Markaziy Osiyo mintaqasi mustaqil va strategik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilish markaziga aylanganini, tashqi hamkorlar bilan konstruktiv aloqalarni o‘rnatish qobiliyatiga ega ekanini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, 2022-yilda yo‘lga qo‘yilgan “Markaziy Osiyo + Rossiya” formati alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur mexanizm nafaqat doimiy siyosiy muloqotni davom ettirish, balki zamonaviy chaqiriqlarga doir umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini bermoqda.

Ikki tomonlama yo‘nalishda Javlon Vahabov alohida qayd etganidek, 2025-yilda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma imzolanganiga 20 yil to‘ladi.

Bu yillar davomida ikki tomonlama munosabatlar hamkorlikdan haqiqiy ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilib, iqtisodiyotdan tortib ta’lim, ilmiy almashinuv va madaniy tashabbuslargacha keng yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari mazmunan boy, o‘zaro ishonchga asoslangan va uzoq muddatli strategik loyihalarga yo‘naltirilgan.

Primakov o‘qishlari davlat organlari va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi muloqot mintaqada muvozanatli va barqaror yondashuvlarni shakllantirish uchun muhim vosita ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar o’tgan bahs-munozaralarning konstruktivligi va dolzarbligini e’tirof etib, ikki va ko‘p tomonlama formatlarda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom