Stajirovka doirasida MOXI vakillari “Markaziy Osiyo – Xitoy: mintaqaviy sheriklikning yangi ufqlari” mavzusidagi V Tahliliy markazlar forumida ishtirok etdilar. Forumning yalpi va tematik sessiyalarida Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi ekspertlik hamkorligi va institutsional aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, axborot almashinuvi, ijtimoiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi dolzarb tendensiyalarni tahlil qilish, mintaqaviy integratsiya jarayonlariga analitik yondashuv sifatini oshirish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.

Forumdagi ishtirokdan tashqari, MOXI xodimlari Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi va Prezident huzuridagi Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti (KazISS) vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdilar. Suhbatlar davomida mintaqaviy jarayonlarni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash yondashuvlari, axborot-tahliliy hamkorlik amaliyotlari va strategik tadqiqot yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Stajirovka doirasida MOXI delegatsiyasi Qozog‘istonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari — L.N. Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti, Nazarboyev universiteti va M. Narikbayev nomidagi KAZGUU universitetida ham bo‘ldi. Uchrashuvlarda akademik mobillikni rivojlantirish, xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish va yoshlarni tadqiqot faoliyatiga jalb etishning zamonaviy yondashuvlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya Qozog‘istondagi O‘zbekiston Respublikasining Elchixonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Ikki tomonlama aloqalardagi dolzarb o‘zgarishlarni monitoring qilish, tahliliy materiallarni tayyorlashda Elchixonaning ishtiroki va ikki davlat ekspertlari o‘rtasidagi ilmiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar alohida ko‘rib chiqildi.
Stajirovka natijalari mintaqa doirasidagi ilmiy va ta’limiy hamjamiyatlar o‘rtasida kasbiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va uzoq muddatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.