Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, ikki davlat tahliliy markazlari o‘rtasidagi o’zaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.
MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ixtisoslashgan tuzilmalar, shuningdek, ilmiy doiralar o‘rtasidagi faol va tizimli muloqot ikki tomonlama o’zaro hamkorlikning tahliliy ta’minoti sifatini oshirish imkonini berib, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarning yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Kanit O‘zbekiston–Afg‘oniston munosabatlarining bugungi holatini ijobiy baholab, siyosiy darajada, xavfsizlik sohasida, shuningdek, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda barqaror va konstruktiv o’zaro hamkorlik mavjudligini ta’kidladi.

Afg‘oniston tomoni mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, siyosiy muloqotni kengaytirish hamda Afg‘onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida ilgari surishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy va ekspertlik-tahliliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, O‘zbekiston–Afg‘oniston munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.


