Voqealar
29.04.2025
|
255
MOXI va Derasat qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda
Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov va Bahraynning Strategik, xalqaro va energetika tadqiqotlari markazi — Derasatning yaqinda tayinlangan ijrochi direktori janob Abdulloh Muhammad Al-Ahmad o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

MOXI rahbari mehmonni lavozimga tayinlangani bilan samimiy tabriklab, Abdulloh Muhammad Al-Ahmadning boy tajribasi Derasat markazining Ko‘rfaz mintaqasidagi yetakchi ekspert maydonchasi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar faqat g‘oya almashinuvi bilan cheklanib qolmasdan, amaliy qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, savdo va investitsiya aloqalari bo‘yicha tadqiqotlarni boshlash, qayta tiklanuvchi energetika sohasida loyihalarni ishlab chiqish, yosh tahlilchilar uchun seminarlar va amaliyot dasturlarini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Abdulloh Muhammad MOXI bilan institutsional hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqishini bildirar ekan, ayniqsa, Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) formati doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

Tomonlar institutlar o‘rtasida strategik muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Bu ilmiy-tahliliy hamkorlikni tizimli chuqurlashtirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

Derasat — Bahrayndagi yetakchi tahliliy markazlardan biri bo‘lib, strategik masalalar, xalqaro munosabatlar va energetika siyosati bo‘yicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Markaz xalqaro hamkorlar bilan faol ishlaydi, yirik konferensiyalar va davra suhbatlarini tashkil etadi hamda global va mintaqaviy muammolarga oid qarorlar qabul qilishda ekspertlik ko‘magini taqdim etadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom