Voqealar
18.07.2025
|
282
MOXI va Estoniya Diplomatiya Maktabi akademik hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov Estoniya Diplomatiya maktabi direktori Ekke Nomm bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashinuvi, ta’lim dasturlarini kengaytirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish orqali akademik va ekspertlik hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vahabov Yevropa diplomatik maktablari bilan hamkorlik malakali mutaxassislar tayyorlashda ilg‘or yondashuvlarni joriy etish va tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida barqaror aloqalarni o‘rnatishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan u Estoniya Diplomatiya maktabi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni Yevropadagi yetakchi diplomatik ta’lim markazlaridan biri sifatida alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, Ekke Nomm MOXI bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirar ekan, ikki ilmiy-ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kasbiy va akademik aloqalarni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo global muloqotda tobora faol ishtirok etayotgan mintaqaga aylangan va mintaqaviy institutlar bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, tomonlar yosh mutaxassislar uchun ilmiy-amaliy stajirovkalarni tashkil etish, xalqaro forumlarda ishtirok etish, shuningdek, qo‘shma tahliliy materiallar va nashrlarni tayyorlash kabi aniq tashabbuslarni amalga oshirish borasidagi o‘zaro manfaatdorlikni tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom