Suhbat davomida tomonlar Markaziy Osiyo bo‘yicha akademik tadqiqotlar sohasidagi dolzarb tendensiyalar yuzasidan fikr almashdi hamda MOXI va Garvard universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildi. Jumladan, qo‘shma ilmiy tadbirlar tashkil etish, tadqiqot tashabbuslarini muvofiqlashtirish va mintaqaviy tahliliy tuzilmalar hamda xalqaro markazlar o‘rtasidagi ekspert aloqalarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Nargis Kasenova so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda qo‘shma akademik loyihalar va intellektual muloqotni rivojlantirishga qiziqish ortib borayotganini ta’kidlab, ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan u MOXI ishtirokida hamkorlik formatlarini kengaytirishga qiziqishini bildirdi.
O‘z navbatida, Javlon Vaxabov institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va MOXIni global tadqiqot tarmoqlariga faol jalb qilish ekanini qayd etdi. U Devis markazi bilan hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirar ekan, insonparvarlik, ijtimoiy va mintaqaviy masalalarga oid mavzular bo‘yicha forumlar, ekspert uchrashuvlari va ta’lim dasturlarini tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli tashabbuslarni muvofiqlashtirish va barqaror akademik almashinuv platformasini shakllantirish maqsadida doimiy ishchi aloqalarni saqlab qolishga kelishib oldilar.