Voqealar
21.06.2025
|
261
MOXI va Incheon Innovatsiya Klasteri ilmiy hamkorlik dinamikasini muhokama qildi
Markaziy Osiyo Xalqaro Institutida (MOXI) institut direktori Javlon Vahabov va Koreya Respublikasi Incheon Milliy Universiteti professori, Incheon Innovatsiya Klasteri (Incheon Innovation Cluster, IIC) direktori Li Xikvan o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida MOXI, koreyalik hamkorlar va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tadqiqot institutlari o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor institutlararo barqaror ilmiy va akademik aloqalarni mustahkamlash, raqamli va iqlimiy innovatsiyalarni ilgari surish, hamda ilmiy kadrlar almashinuvini rivojlantirishga qaratildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Bular qatorida raqamli transformatsiya, “yashil” texnologiyalar, intellektual qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni barqaror boshqarish sohalari alohida o‘rin oldi. Shuningdek, Koreyaning yuqori texnologiyali kompaniyalari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sanoat zonalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, texnologiyalarni transfer qilish va ilmiy mobillikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhim mavzulardan biri bo‘ldi.

MOXI direktori Javlon Vahabov o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishi, energiya transformatsiyasi va barqaror biznes sohalaridagi hamkorlik mintaqada ilmiy almashinuv va innovatsiyalarni joriy etish uchun yangi ufqlarni ochishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koreyalik hamkorlar bilan aloqalar mintaqadagi yetakchi tadqiqot markazlari ishtirokida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ilmiy-ta’limiy aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida barqaror ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ekspert maslahatlarini davom ettirishga qiziqish bildirdilar.

Incheon Innovatsiya Klasteri (Incheon Innovation Cluster, IIC) — Koreya Respublikasidagi eng yirik ilmiy-sanoat platformalaridan biri bo‘lib, AKT, yashil iqtisodiyot, iqlimiy yechimlar va barqaror qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi 200 dan ortiq yuqori texnologiyali kompaniyalarni birlashtiradi. Klaster xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirib, Koreyadagi universitetlar, ilmiy markazlar, biznes va davlat institutlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom