Voqealar
27.03.2025
|
278
MOXI va Italiya Osiyo instituti tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Markaziy Osiyo Хalqaro Institutida MOXI direktori Javlon Vahabov va Italiya Osiyo instituti bosh kotibi Domeniko Palmierining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuv masalalarini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. 

Tomonlar "Markaziy Osiyo – Italiya" platformasiga ekspertlik yordamini ta’minlash muhimligini ta’kidladilar. Ushbu format Markaziy Osiyo mamlakatlari va Italiya o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi, tahlil markazlari esa uning samarali faoliyat yuritishida muhim o'rin egallashi qayd etildi. 

Uchrashuv ishtirokchilari 2024-yil boshida Rimda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo – Italiya" uchinchi vazirlar sammitida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratdilar. 

Uchrashuv yakunida institut rahbarlari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat muntazam tajriba almashinuvi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Tomonlar ushbu kelishuv MOXI va ISIA o‘rtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lishiga ishonch bildirdilar. 

Istituto Italiano per l'Asia (ISIA) 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Italiya ijtimoiy va madaniy institutlari, shuningdek, ko‘plab Osiyo mamlakatlarining rasmiy vakolatxonalari bilan faol hamkorlik qiladi. ISIA mavjud Italiya diplomatik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ijtimoiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashga intiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom