Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rivojlantirish istiqbollarini batafsil muhokama qilib, xususan O‘zbekistonlik talabalar va yosh tadqiqotchilarning Nazarbayev Universiteti dasturlari va loyihalarida ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ustida to‘xtalib o‘tishdi.
Loretta O'Donnell universitet mintaqadagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratishini ta’kidladi. Xususan, bu hamkorlik ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya, yangi texnologiyalar, energetika va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. U shuningdek, Nazarbayev Universitetida o‘nlab ilmiy va o‘quv laboratoriyalar faoliyat yuritayotgani, keng xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va universitet nashrlarining 13,4 foizi dunyodagi eng ko‘p iqtibos keltiriladigan 10 foizlik toifaga kirishini qayd etdi.
Uchrashuv davomida o‘zbekistonlik talaba va aspirantlar uchun almashinuv dasturlari, amaliyotlar va ilmiy grantlar doirasidagi imkoniyatlar muhokama qilindi. Nazarbayev Universiteti vakillari akademik mobillikni qo‘llab-quvvatlashga, stipendiyalar taqdim etishga, gibrid ta’lim formatlarini rivojlantirishga hamda suv resurslari, yashil iqtisodiyot va fanlararo tadqiqotlar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini ta’kidladilar.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonlik talabalar va tadqiqotchilarni universitetning asosiy ilmiy loyihalariga — aqlli tizimlar va inson-mashina o‘zaro aloqasi, inson kapitalini rivojlantirish, tibbiyot, energetika va barqaror taraqqiyot kabi yo‘nalishlarga jalb etish masalasini alohida ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar tajriba almashinuvi, ilmiy anjumanlarda hamkorlikda ishtirok etish va Qozog‘iston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim hamda ilmiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun aniq mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
Nazarbayev Universiteti — 2010 yilda tashkil etilgan, Qozog‘istondagi yetakchi avtonom xalqaro ilmiy-tadqiqot universitetidir. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi. Universitet 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan talabalar va xodimlarni birlashtirib, zamonaviy ilmiy infratuzilma, 270 dan ortiq laboratoriya va 370 nafar faol tadqiqotchiga ega. Universitet fanlararo tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, global reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallaydi hamda yetakchi elektron kutubxona tizimlariga kirishni ta’minlaydi.