Hujjat ikki tashkilot o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikning institutsional asoslarini yaratish, ekspertlar aloqalarini kengaytirish hamda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga oid qo‘shma tahliliy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy materiallar va amaliy tavsiyalar tayyorlash, muntazam maslahatlashuvlar, konferensiyalar va mavzuli seminarlar tashkil etish, shuningdek, tadqiqot materiallari almashinuvi va ekspertlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish belgilandi.
Forumda so‘zga chiqqan MOXI direktori Javlon Vahobov Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida shakllangan mustahkam siyosiy va institutsional asoslar amaliy hamkorlikda, jumladan, qo‘shma loyihalarda o‘z ifodasini topishi lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahliliy markazlar qo‘shma amaliy tadqiqotlar o‘tkazish va mas’ul idoralar uchun tavsiyalar ishlab chiqish orqali ekspertlar muloqotini aniq natijalarga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘z navbatida, ORF vitse-prezidenti Xarsh Pant Markaziy Osiyoga oid mintaqaviy kun tartibini ilgari surish va «Markaziy Osiyo plyus» formatlarida ekspertlar muloqotini rivojlantirishda MOXIning rolini yuqori baholadi. U ikki institut o‘rtasidagi hamkorlik barqaror va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lishi muhimligini ta’kidlab, qo‘shma tadqiqotlar, ekspert maslahatlashuvlari va tahliliy materiallar almashinuvini kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Savdo-investitsiyaviy hamkorlik, transport bog‘liqligi, raqamli texnologiyalar, energetika, muhim mineral resurslar, ta’lim va kadrlar tayyorlash tomonlarni qiziqtirgan ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Memorandumning imzolanishi «Markaziy Osiyo – Hindiston» forumining muhim amaliy natijalaridan biri bo‘lib, MOXI va ORF o‘rtasidagi ekspert-tahliliy hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Observer Research Foundation (ORF) – 1990-yilda tashkil etilgan mustaqil hind tahlil markazi. Xalqaro munosabatlar, xavfsizlik, iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, energetika va texnologiyalar sohalarida tadqiqotlar olib boradi, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni ekspertlar darajasida muhokama qilishga ko‘maklashadi.