To‘siqlarsiz savdo. Erkin savdo zonasi cheklovlarsiz to‘liq faoliyat yuritishi kerak. Buning uchun texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarining o‘zaro tan olinishini ta’minlash va davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilindi.
Oziq-ovqat bozorlarida barqarorlik va oldindan prognoz qilish imkoniyati. Bir mamlakatning qarorlari qo‘shni davlatlar bozorlariga kutilmaganda salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun O‘zbekiston oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin o‘zaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etishni taklif qildi. Ushbu mexanizm Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini to‘ldiradi.
Sanoat maydonlarining yagona tarmog‘i. «INNOPROM. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasi va Toshkentdagi beshinchi Xalqaro investitsiya forumida biznes vakillari bildirgan katta qiziqishni yangi imkoniyatlar bilan qo‘llab-quvvatlash taklif etildi. Maqsad — Hamdo‘stlik mamlakatlarining maxsus iqtisodiy zonalari va sanoat parklarini yagona tarmoqqa birlashtirish.
Transport va energetika. O‘zbekiston integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini kamaytirish va MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdori. Shuningdek, 2029-yilni Hamdo‘stlikning transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Energetika sohasida mintaqaning energetik jihatdan bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli prognoz ishlab chiqish taklif etildi. U energiyaning mavsumiy ortiqchaligi va taqchilligi qayerda hamda qachon yuzaga kelishini aniqlashga yordam beradi.
Yopiq siklli iqtisodiyot. Iqlim o‘zgarishiga birgalikda javob berish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Kreativ industriyalar va yoshlar. O‘zbekiston yangi texnologiyalar ta’sirida iqtisodiyotning mustaqil qismiga aylanayotgan kreativ industriyalarni rivojlantirish maqsadida «Madaniy siyosat va kreativ industriyalar» forumini tashkil etishni taklif qildi. Yaqin kunlarda Xivada MDH Yoshlar forumi bo‘lib o‘tadi.
Kiberfiribgarlikdan himoya. Fuqarolar va biznesga yetkazilayotgan zarar ortib borayotganini hisobga olib, transchegaraviy kiberjinoyatlarga tezkor javob berish uchun MDH Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish taklif qilindi.
MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2027-yilda Buxoroda bo‘lib o‘tadi. Prezident ta’kidlaganidek, O‘zbekiston yaqin hamkorlik va fuqarolar his etadigan aniq natijalarga erishishga intilmoqda.
Batafsil: https://president.uz/oz/lists/view/9702
Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
09.10.2026
|
188
Tovar ayirboshlashdan qo‘shma qiymat zanjirlariga. O‘zbekistonning MDHdagi ustuvor yo‘nalishlari
9-oktabr kuni Avazada Hamdo‘stlikning 35 yilligiga bag‘ishlangan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2027-yildagi raisligi uchun asos bo‘ladigan yondashuvlarni bayon etdi. Dunyoda odatiy iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotgan sharoitda davlatimiz rahbari eng sezilarli natija beradigan yo‘nalishlarga — birgalikda ishlab chiqarish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini yaratish hamda fuqarolar daromadlarini oshirishga e’tibor qaratishni taklif etdi.
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA Virtual Assistant
Onlayn