Voqealar
25.08.2025
|
249
MOXI va Qozog‘iston tahlil markazi ekspertlik hamkorligini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni muhokama qilmoqda
Markaziy Osiyo ekspertlar forumi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Qozog‘iston Strategik Tadqiqotlar Instituti (QSTI) direktori Jandos Shaymardanov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikning hozirgi holati yuzasidan fikr almashib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlarni kelishib oldilar.

Uchrashuvda MOXI direktori MOXI va QSTI hamkorligini mustahkamlash barqaror ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi va 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosi haqida axborot berdi. Shuningdek, tomonlar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Konsultativ uchrashuvi sammitini axborot-analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar: ekspertlarning teleko‘rsatuvlarda ishtiroki, mavzuli nashrlar tayyorlash, shuningdek mintaqaviy hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan qo‘shma kitob va monografiyalar ustida ishlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, QSTI direktori MOXI bilan tizimli hamkorlikning ahamiyatini qayd etdi, sheriklikni chuqurlashtirishga qiziqishini bildirdi va muntazam ekspertlar almashinuvi uchun tayyorligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, doimiy ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish kelishilgan rejalarni izchil amalga oshirishga hamda mintaqaviy kun tartibini puxta analitik asos bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy Osiyoda ekspertlik muloqotini mustahkamlash va ilmiy-tahliliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘zaro tayyorlikni yana bir bor tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom