Voqealar
18.07.2025
|
246
MOXI va Rondeli jamg‘armasi amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda
Tbilisiga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov Gruziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasi (Rondeli jamg‘armasi) prezidenti doktor Ekaterin Metreveli bilan mazmunli uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda MOXI va Rondeli jamg‘armasi o‘rtasida 2023 yilda Toshkentda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, shuningdek, mavjud hamkorlik yo‘nalishlarini tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar erishilgan natijalarni muhokama qilib, sheriklikni chuqurlashtirishga doir aniq qadamlarni belgilab oldilar.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida quyidagilar qayd etildi: dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar va tahliliy sharhlar tayyorlash; ikki institut vakillari ishtirokida ekspert davra suhbatlari, konferensiyalar va ochiq ma’ruzalarni tashkil etish; yosh tadqiqotchilar uchun amaliyot va o‘quv modullarini o‘z ichiga olgan akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish.

Javlon Vahabov Rondeli jamg‘armasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etish uchun bildirilgan taklif uchun minnatdorlik bildirib, unda Markaziy Osiyodagi asosiy rivojlanish tendensiyalari, “Markaziy Osiyo+” formati doirasidagi O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari hamda joriy yilning kuzida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Yettinchi sammitiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qilganini ta’kidladi.

Tomonlar Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarini ifodalaydigan ikki tahliliy markaz o‘rtasida sinergetik salohiyat ortib borayotganini ta’kidlab, institutsional muloqotni mustahkamlash, tadqiqot yondashuvlari almashinuvi va ekspertlik hamkorligini kengaytirish o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamda global kun tartibidagi masalalarga muvozanatli yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilishini qayd etdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom