Tomonlar MOXI va Sasakava tinchlik jamg‘armasi o‘rtasida Afg‘onistonning tinch taraqqiyoti, barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalari bo‘yicha ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi.
J.Vaxabov Afg‘onistonning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun o‘zaro ishonchni mustahkamlash, muntazam muloqotni davom ettirish hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlar tajribasini birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u MOXI ushbu yo‘nalishdagi ekspertlik aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini qayd etdi.
Yapon jamg‘armasi vakillari MOXI bilan hamkorlik qilish, mediatsiya va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish sohasida tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Tomonlar, shuningdek, Markaziy Osiyo, Yaponiya va boshqa davlatlar tadqiqot markazlari ishtirokida ko‘p tomonlama ekspertlik platformasini shakllantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida ishchi darajadagi maslahatlashuvlarni davom ettirish hamda Afg‘oniston mavzusidagi ekspertlik tadbirlarini birgalikda tashkil etish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi.