Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
19.10.2026
|
129
C5+1 «Tarixiy sheriklik, farovon kelajak»: Qo‘shma bayonotning asosiy jihatlari
Samarqanddagi C5+1 uchrashuvi yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSh davlat kotibi Qo‘shma bayonot qabul qildi. Unda mintaqa davlatlari mustaqilligining 35 yilligi va Qo‘shma Shtatlarning 250 yilligi nishonlanayotgan yilda uzoq muddatli sheriklik bo‘yicha umumiy qarashlar bayon etildi.

Aloqalarni mustahkamlash. Tomonlar o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun Transkaspiy savdo yo‘lini rivojlantirish va infratuzilmaga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Raqamli aloqalar va ingliz tilini o‘qitish C5+1 mamlakatlari xalqlarining yaqinlashuviga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo jahon iqtisodiyoti markazida. Mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish AQSh bilan bog‘langan raqobatbardosh mintaqaviy bozorni shakllantirishga yordam beradi. Ko‘zlangan maqsad — Markaziy Osiyoni yana jahon iqtisodiyotining markaziga aylantirish.

O‘zaro investitsiyalar. B5+1 platformasi Amerika kompaniyalari uchun mintaqada yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi, Markaziy Osiyo korxonalarining esa AQSh bozoriga kirish imkoniyatlari kengayadi. Xavfsiz va ishonchli texnologiyalarga asoslangan elektron tijorat, innovatsiyalar va tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Energetika va minerallar. Mamlakatlar energetikani rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli integratsiyalashgan ta’minot zanjirlarini yaratish uchun o‘z imkoniyatlarini birlashtiradi. Rejalar geologik ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha «ma’lumot — oltin» tamoyili asosida tajriba almashish, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashni kengaytirish hamda mintaqaning o‘zida qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni qamrab oladi.

Xavfsizlik. Terrorizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, chegara xavfsizligini mustahkamlash, odam savdosi, giyohvand moddalar va qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Raqamli davr tahdidlariga javoban kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik alohida qayd etilgan.

Yadroviy xavfsizlik. Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududga tayangan holda, tomonlar yadroviy materiallarni jismoniy himoya qilish, kafolatlarni qo‘llash va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtiradi.

Madaniy meros. C5+1 mamlakatlari kasbiy, madaniy va ta’lim almashinuvlarini kengaytiradi, qadimiy yodgorlik va osori-atiqalarni asrashda yangi texnologiyalardan foydalanadi hamda kelajak ish o‘rinlarini yaratish uchun turizm va kreativ iqtisodiyotni rivojlantiradi.

Batafsil: https://gov.uz/en/mfa/news/view/234672 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn