Voqealar
28.04.2025
|
237
MOXI va Saudiya Instituti akademik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda
Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI)da institut direktori Javlon Vahаbov va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Saud Al-Faysal nomidagi Diplomatik Tadqiqotlar Instituti (IDS) Strategik Tadqiqotlar markazi direktori Mansur Al-Marzukiy o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda doktor Al-Marzukiy Markaziy Osiyo va Ko'rfaz davlatlari o'rtasidagi o'zaro aloqalar mustahkamlanayotganligini ta'kidladi va tarixiy meros, madaniy xilma-xillikni o'rganish va o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish zarurligiga urg'u berdi. Shu bois, ekspert MOXI va IDS o'rtasidagi hamkorlik ilmiy tadqiqotlar va ishlar kengayishiga, ikki mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni yanada chuqurroq tushunishga yordam berishini ta'kidladi.

O'z navbatida, Javlon Vahabov ham Markaziy Osiyo va Ko'rfaz davlatlari aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta'kidlab, ikki mintaqadagi tafakkur markazlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari kompleks tadqiqotlar platformasini yaratishga yordam berishini, bu esa innovatsion metodlar joriy etish va o'zaro anglashuv va hamkorlikni chuqurlashtirishga yo'naltirilgan ta'lim dasturlarini ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlarni ochishini aytdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va yaqin kelajakda hamkorlikning aniq shakllarini rivojlantirishga qiziqish bildirishdi.

Saud Al-Faysal nomidagi Diplomatik Tadqiqotlar Instituti — Saudiya Arabistonining yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi bo'lib, diplomatlarga tayyorlash va xalqaro munosabatlar sohasida strategik tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan. Institut regional va global xavfsizlik masalalari bo'yicha strategik tashabbuslarni shakllantirish va tadqiqotlar o'tkazishda faol ishtirok etadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom