Voqealar
29.07.2025
|
377
MOXI va Yaponiya Elchixonasi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Institut bo‘lim boshlig‘i Daniyar Kurbanov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi maslahatchisi, diplomatik missiyaning rahbar o‘rinbosari Shinitiro Nakamura bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida yaponiyalik diplomat O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlarini va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. S. Nakamura so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlardan mamnun ekanini bildirdi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik, inklyuzivlik va konstruktiv muloqotga asoslangan islohotchi siyosati alohida ta’kidlandi. Yapon tomoni fikricha, ushbu siyosat barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlamoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkentning faol tashqi siyosati Markaziy Osiyoda ishonch, muloqot va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirishga asos yaratgani qayd etildi.

Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning hozirgi holatini muhokama qilar ekan, S. Nakamura hamkorlik uchun mustahkam asos mavjudligini qayd etdi va Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalar, ekologik standartlar va uzoq muddatli mas’uliyatli sheriklikka e’tibor qaratishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu yondashuv yashil energetika, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va suv resurslarini boshqarish kabi sohalarda hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.

Suhbatda, shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyati ham alohida qayd etildi. Yaponiyalik diplomatning ta’kidlashicha, mamlakatning milliy brendi xorijda, jumladan, Yaponiyada tobora kengroq tanilmoqda.

Uchrashuv yakunida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi bo‘lajak sammitga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu tadbirni yaqin kelajakda o‘tkazish muhimligini ta’kidlab, uning siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda tutgan o‘rnini qayd etdilar. Ishchi muvofiqlashtirishni davom ettirish, ekspert maslahatlashuvlarini kuchaytirish va Yaponiyaning tahliliy hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom