Voqealar
13.08.2025
|
265
MOXI Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktor o‘rinbosari Sherzod Fayziyev Xitoy Xalq Respublikasiga ishchi tashrif amalga oshirib, Tyanszin va Shanxay shaharlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida MOXI vakili Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitlari shaharlari — “Jahon merlari muloqoti” forumi doirasida tashkil etilgan ShHT ilmiy-tahliliy markazlari muloqotida, shuningdek “ShHT ilmiy-tahliliy markazlari forumi – 2025” tadbirida ishtirok etdi.

Muloqotlarda zamonaviy xalqaro sharoitlarda ShHT’ning hozirgi holati va istiqbollari, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni oshirish hamda gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Alohida e’tibor Markaziy Osiyoning ShHT makonida integratsion va infratuzilmaviy tashabbuslarni ilgari surishdagi muhim bo‘g‘in sifatidagi roliga qaratildi.

Tashrif dasturi doirasida Shanxay Xalqaro Tadqiqotlar Universiteti (SISU) qoshidagi Global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi, Xitoy Davlat Kengashi Taraqqiyot tadqiqot markazi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish instituti, ShHT Xalqaro huquqiy tayyorgarlik va hamkorlik markazi, ShHT tadqiqotlari Xitoy markazi va boshqa muassasalar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tomonlar qo‘shma konferensiyalar, ekspert uchrashuvlari, mavzuli seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish, shuningdek tahliliy materiallar va nashrlar almashishni o‘z ichiga olgan ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Xitoy tomoni barqaror rivojlanish, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ta’lim dasturlari va kadrlar tayyorlash sohalarida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirdi.

 

MOXI direktor o‘rinbosarining ishchi tashrifi O‘zbekiston va Xitoy ekspert hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, konstruktiv muloqotni rivojlantirish va ShHT’ni ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali platformasi sifatida roli oshirishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik poydevorini yaratdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom