Voqealar
23.12.2025
|
256
MOXI xodimi Budapeshtdagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Vengriyadagi Dunay Instituti tomonidan tashkil etilgan «An’anaviy iqtisodiy hamkorlar: G‘arb va turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni shakllantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turkiy davlatlari tashkilotiga (TDТ) a’zo mamlakatlar rasmiy vakillari va diplomatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va AQSh tahliliy markazlari mutaxassislari ishtirok etdi. Konferensiyada Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Daniyar Kurabnov qatnashdi.

Tadbir davomida yuqori martabali so‘zlovchilar, Budapesht shahridagi TDТ mamlakatlari elchilari ma’ruza bilan chiqishdi. Bundan tashqari, turkiy davlatlari va G‘arb o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha munozara sessiyalari o‘tkazildi, unda Vengriyaning ushbu jarayondagi roli alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida TDТ mamlakatlari Yevropa va Osiyo o‘rtasida energiya xavfsizligi, savdo aloqalari va noyob minerallar ta’minot zanjirlarida muhim o‘rin egallashi qayd etildi.

Dunay Instituti direktori Ishtvan Kish Vengriya Sharq va G‘arb, turkiy davlatlari, Yevropa va AQSh o‘rtasida aloqalarni bog‘lovchi davlat ekanini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, I.Kish Vengriyaning Markaziy Osiyo va turkiy davlatlarning ahamiyati Yevropa Ittifoqi tomonidan tan olinishi va ular bilan o‘zaro ishonch hamda hurmat asosida hamkorlik qilish zarurligini alohida ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi raisligi, shuningdek, Toshkent shahrida bo’lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlari sammitining asosiy natijalari hamda O‘zbekistonning Maslahat uchrashuvi va TDТ doirasidagi asosiy tashabbuslari haqida ma’lumot oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom