Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatlarning izchil rivojlanayotganini qayd etgan holda, mintaqaviy kontekstda o‘zbek-afg‘on hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, jumladan, preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokama qilindi. Shuningdek, suv resurslarini boshqarish masalalari ko‘rib chiqildi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston ishtirokida o‘tkazilgan suv muammolariga bag‘ishlangan so‘nggi xalqaro forum kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali maydon ekani ta’kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakatning tahliliy va ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini ham muhokama qildilar, xususan, MOXI va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Afg‘oniston umumiy mintaqaviy jarayonlarning muhim qismi ekani, uning Markaziy Osiyo tashabbuslariga jalb etilishi esa Janubiy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni, jumladan tahliliy markazlar darajasida va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida yanada rivojlantirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi.