Tadbirda Toshkent shahridagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, davlat organlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, yetakchi tahlil markazlari ekspertlari, shuningdek mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan JIDU, TDSHU, TDYU hamda AQSH bilan qo‘shma universitetlar professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek C5+1 platformasi doirasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
MOXI direktori Javlon Vaxobov tadbirni ochib, bugungi bosqichda O‘zbekiston-AQSH munosabatlari izchil va uzoq muddatli xususiyat kasb etayotganligini, har ikki davlat sheriklikni yanada mustahkamlashga qat’iy sodiq ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan bir qatorda C5+1 platformasi doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning ijobiy dinamikasi hamda Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot, iqtisodiy sheriklik va qo‘shma ko‘p tomonlama tashabbuslarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Jonatan Henik o‘z ma’ruzasida ikki mamlakat yetakchilarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli O‘zbekiston-AQSH hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganligini qayd etdi.
U so‘nggi bir yil davomida davlat rahbarlarining uch marta ikki tomonlama uchrashuvi va ikki marta telefon muloqoti o‘tkazilganligini, shuningdek AQSH prezidentining maxsus vakili O‘zbekistonga tashrif buyurganligini muhim va e’tiborga loyiq voqea sifatida baholadi.
Shuningdek, energetika, transport, texnologiyalar, logistika va boshqa sohalarda umumiy qiymati qariyb 40 milliard AQSH dollariga teng 20 tadan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolangan noyabr oyida Vashington shahrida o‘tkazilgan C5+1 formatidagi sammit yakunlari muhim ahamiyati ta’kidlandi.
O‘n yil davomida C5+1 platformasi doirasidagi ko‘p tomonlama o’zaro aloqalar formati mintaqaviy kun tartibining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanganligi qayd etildi.
Elchi, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy almashinuvni kengaytirish va ilmiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan madaniy merosni saqlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Ma’ruza yakunida elchining tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida ishtirokchilar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
