Voqealar
21.04.2026
|
259
MOXIda Dunay instituti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
MOXI direktori Javlon Vaxabov Dunay instituti ijrochi direktori Istvan Kish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar ikki tahliliy markaz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, tahliliy nashrlar tayyorlash, ekspert tadbirlarini birgalikda tashkil etish, shuningdek tajriba almashish va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvi masalalari ko‘rib chiqildi.

Javlon Vaxabov ta’kidlashicha, Yevropa tahliliy markazlari, jumladan Dunay instituti bilan hamkorlikni rivojlantirish Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Uning fikricha, bunday hamkorlik dolzarb mintaqaviy va global muammolar yuzasidan umumiy ekspert yondashuvlarini ishlab chiqishga, shuningdek yangi hamkorlik formatlarini, jumladan “Markaziy Osiyo +” platformasi doirasida shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Istvan Kish Dunay institutining MOXI bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga qiziqishini bildirib, xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, gumanitar aloqalar, shuningdek mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi, jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida, siyosiy muloqot faollashib borayotgan bir sharoitda, muloqotni davom ettirish va istiqboldagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom