Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari va sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi muhokama qilindi.
MOXI direktori J.Vaxabov suhbatdoshlarni MOXI faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirib, Markaziy Osiyodagi hozirgi hamkorlik jarayonlari va "MO+" platformalari doirasidagi mintaqa davlatlarining o‘zaro aloqalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, ELIAMEP direktori Yelena Lazaru Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan natijalarni yuqori baholab, O‘zbekistonning ushbu jarayonning asosiy ishtirokchisi sifatida qayd etdi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan sherikligi doirasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda Gretsiyaning ishtiroki istiqbolli ekanligi ta’kidlandi. Bunga Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar asos bo‘ladi.
Shuningdek, ekspertlik doiralari o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlash va ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Eng dolzarb va tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va olingan natijalarni nashr qilish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama platformalar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlar muhokamalarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
