Voqealar
05.01.2026
|
222
MOXIda Latviya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Latviya elchisi Girts Yaunzems Markaziy Osiyo xalqaro institutiga (MOXI) tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish masalalari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

MOXI direktori J.Vaxabov elchini institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorligining hozirgi jarayonlari va mintaqa davlatlarining "Markaziy Osiyo plyus" platformasi doirasidagi rivojlanib borayotgan o’zaro aloqalarining ustuvor yo‘nalishlarini yoritib o‘tdi.

Elchi G. Yaunzems O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimiz mintaqadagi aloqalarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganligini ta’kidladi. Bu jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formati muhim o‘rin egallashi qayd etildi.

Muzokaralar davomida Latviya O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligi ta’kidlandi. Bunda telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari, transport va logistika, shuningdek qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, Latviya Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan sherikligi doirasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirildi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitida qabul qilingan kelishuvlar bunga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Latviya tahliliy tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy aloqalarni o‘rnatish, Markaziy Osiyo va Boltiqbo‘yi mamlakatlari ekspertlari ishtirokida forum o‘tkazish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shu jumladan ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama muloqotlar doirasida amaliy tashriflar va ekspertlik muhokamalarini o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom