Voqealar
16.04.2026
|
287
MOXIda «Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya» formati rivoji istiqbollari muhokama qilindi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Kris Allan hamda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda jahon miqyosida ortib borayotgan beqarorlik fonida «Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya» formati doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, mamlakatlar tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Javlon Vaxabov mazkur format katta salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, eng avvalo savdo-investitsiya hamkorligini kengaytirish, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish hamda tahliliy va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim yo‘nalishlar ekanini qayd etdi.

Shu nuqtai nazardan, u MOXI tomonidan mintaqa mamlakatlari tadqiqot markazlari o‘rtasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu esa muntazam ekspert muloqoti uchun barqaror platforma yaratish va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Kris Allan bugungi kunda kuchayib borayotgan global beqarorlik sharoitida turli mintaqalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikning yanada barqaror shakllarini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo hamkorlik formatiga qo‘shilishi Transkaspiy yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish hamda Yevropa hamkorlari bilan, ayniqsa transport-logistika va elektr energiyasini uzatish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Bu yo‘nalishlar Buyuk Britaniya uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom