Voqealar
24.04.2025
|
202
MOXIda Shvetsiya aql markazlari bilan akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI)da institut direktori Javlon Vahabov Shvetsiyalik tadqiqotchilar — Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti hamda Shvetsiya Xalqaro munosabatlar institutining katta ilmiy xodimi Yoxan Engvall va Shvetsiya Mudofaa universitetining katta professori Mikael Vayssman bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida shved mutaxassislari Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Xususan, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani belgilash bo‘yicha yaqinda erishilgan kelishuv mintaqaviy muloqotni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, ular Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" sammiti natijalarini ijobiy baholab, bu tadbirni mintaqaning xalqaro jarayonlardagi o‘sib borayotgan o‘rnining muhim ko‘rsatkichi sifatida qayd etdilar.

Javlon Vahаbov Shvetsiyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirar ekan, hamkorlik tashabbuslari bilim almashinuvi va ekspertlar muloqoti uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

Uchrashuvda tomonlar savdo, investitsiyalar, barqaror rivojlanish, iqlim kun tartibi va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik kabi sohalarda qo‘shma tadqiqotlar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Mutaxassislar xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini va mintaqaviy jarayonlarni chuqurroq tahlil qilish zarurligini alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish va ikki davlat tadqiqot doiralar o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom